Funksional analiz ilmiy maktabi

O‘zbekiston matematikasi haqida fikr yuritilganida, albatta uchta yirik, dunyo matematiklari e’tirof etgan - ehtimollar nazariyasi va matematik statistika, funksional analiz hamda differensial tenglamalar ilmiy maktablari ko‘z oldimizga keladi. Shulardan biri - Toshkent funksional analiz ilmiy maktabiga mashhur matematik olim, akademik, jamoat va davlat arbobi Toshmuhammad Aliyevich Sarimsoqov (1915-1995 yy.) o‘tgan asrning 70 yillarida asos solgan. U matematik analiz, funksional analiz, umumiy topologiya va ayniqsa, ehtimollar nazariyasi va uning amaliy tatbiqlari sohasidagi chuqur tadqiqotlari bilan nafaqat sobiq Ittifoq balki, chet el ilmiy markazlarida ham tan olingan, e’tirof etilgan mashhur olim.

akademik T.A.Sarimsoqov (1915-1995)T.A.Sarimsoqov 1915 yili 10 sentyabrda Andijon viloyatining Shahrixon shahrida tug‘ilib, boshlang‘ich ma’lumotni Shahrixon, o‘rta ma’lumotni Qo‘qon shaharida olgan, 1936 yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning fizika-matematika fakultetini bitirgan.

Iqtidorli olim 24 yoshida fizika-matematika fanlari nomzodi, 27 yoshida fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasiga ega bo‘ldi. U 28 yoshida universitet rektori, akademik, 31 yoshida O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi prezidenti lavozimlarini egallaydi.

Ilmiy qiziqishlarining ko‘p qirraliligi, ilmiy tadqiqotida yangi matematik metodlarni yaratilishi va nazariy masalalarni amaliyot bilan bog‘lay bilishi T.A.Sarimsoqovning shaxsiy hayoti, ilmiy faoliyatidagi o‘ziga xos ko‘rinishlar bo‘ldi. Undan jami 200 dan ortiq o‘ta muhim ilmiy ishlar, hamda ko‘plab ilmiy-ommabop maqolalar meros qoldi. Shulardan 8 tasi matematika fani rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan monografik asar va 2 tasi esa hozir ham qo‘llanilayotgan darsliklardir.

Olimning ustozi jahon tan olgan olim, O‘zbekiston ehtimollar nazariyasi va matematik statistika ilmiy maktabi asoschisi akademik Vsevolod Ivanovich Romanovskiy (1879-1954 yy.) bo‘lgan. Shu sababdan ham akademik Sarimsoqovning nihoyatda muhim ilmiy ishlari ehtimollar nazariyasi, matematik statistika va uning tatbiq etilishlariga bog‘liq holda rivoj topdi.

1954 yili Moskvada chop etilgan T.A.Sarimsoqovning “Markov jarayonlari nazariyasi asoslari” nomli monografiyasi tasodifiy jarayonlarga oid birinchi yirik asar bo‘ldi. Bu asarning tub g‘oyasi – O‘rta Osiyo va Old Osiyo osmonidagi sinoptik jarayonlarni o‘rganish uchun ehtimollar nazariyasi, geofizik-sinoptiklar bilan hamkorlikda amaliyotga qo‘llanildi va buning samarasi ila juda katta geografik mintaqadagi xalq xo‘jaligi rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan tavsiyalar ishlab chiqildi. Toshmuhammad Aliyevich shu sohadagi ishlari uchun 33 yoshidayoq, 1948 yili Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Akademik T.A.Sarimsoqov 1959-1971 yillari O‘zbekiston respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri lavozimida ishlab, oliy ta’lim rivojiga ulkan xissa qo‘shdi. Umuman, olimning butun ilmiy-pedagogik faoliyati O‘zbekiston Milliy universiteti, uning matematika fakulteti bilan uzliksiz bog‘liq bo‘ldi. U 1944-1957 yillarda ehtimollar nazariyasi va matematik statistika kafedrasini boshqardi. Shundan so‘ng umrlarining oxirigacha o‘zi tashkil qilgan funksional analiz kafedrasiga mudirlik qildi. O‘zMU ga 3 marta 1943-1944, 1952-1958, 1971-1983 yillarda rektor bo‘lib, uni umumiy hisobda 20 yil boshqardi. Bu davrlarda universitet O‘zbekistondagina emas balki, butun O‘rta Osiyodagi eng yirik oliy ta’lim, ilm-fan, madaniyat va ma’rifat markaziga aylandi.

Toshmuhammad Aliyevichning bu sohadagi ulkan ilmiy-tashkiliy xizmatlari hukumat tomonidan munosib taqdirlandi. 1990 yilda Mehnat qahramoni unvoniga sazovor bo‘ldi. O‘ndan ortiq Davlat ordenlari, 1995 yilda O‘zbekiston Respublikasining “Do‘stlik” ordeni, vafotlaridan so‘ng esa 1998 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi. Ikki marta Abu Rayhon Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati bo‘ldi (1967 va 1994 yy.).

1962 yili universitetga zamonaviy matematika masalalari bo‘yicha ma’ruzalar o‘qish uchun Rossiyalik atoqli olim, akademik S.L.Sobolev taklif etiladi. Universitet rektori T.A.Sarimsoqov bu olimning ma’ruzalarini tinglab, suhbatlarini olgandan so‘ng, o‘z ilmiy e’tiborini matematik analiz, geometriya, topologiya va algebra masalalarini umumlashtiruvchi matematika fanining yangi yo‘nalishi - funksional analiz sohasini rivojlantirishga qaratadi. U ehtimollar nazariyasining yirik vakili bo‘lganligi sababli ham bu nazariya masalalarini funksional analiz metodlari asosida o‘rganishga ko‘proq e’tibor beradi. Shuning bilan birga, u moskvalik olimlar M.G.Kreyn, L.V.Kantorovich va ularning shogirdlari tomonidan o‘rganilgan matematik ob’ekt - tartib tushunchasi kiritilgan vektor fazolarga oid natijalardan foydalanib, M.Ya.Antonovskiy va V.G.Boltyanskiylar bilan hamkorlikda yangi matematik ob’ekt - topologik yarim maydonlar sohasida tadqiqotlar olib boradi. Buning samarasi o‘laroq, T.A.Sarimsoqov hozirgi zamon matematikasining yangi va eng muhim ilmiy yo‘nalishlaridan biri – yarim maydonlar nazariyasiga asos soldi va bu yo‘nalishga ko‘plab, o‘z shogirdlari va taniqli olimlarni, qobiliyatli yoshlarni jalb qildi. Mana shu ishlari natijasi ila buyuk olim, o‘zining hozir butun dunyoga mashhur Toshkent funksional analiz ilmiy maktabiga asos solib, keyingi paytlarda, uning faoliyatini yanada rivojlantirishga muvaffaq bo‘ldi.

Bu yo‘nalishdagi samarali ilmiy tadqiqotlari uchun hamda Toshkent funksional analiz tadqiqotchilarining ustozi sifatida akademik olim T.A.Sarimsoqov 1967 yilda Abu Rayhon Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofotining birinchi sovrindori bo‘ldi. Uning monografiyalaridan biri “Topologik Bul algebralari” 1977 yilda “Topological semifield their applications to general topology” degan nom bilan AQShda, Amerika matematika jamiyati tashabbusi bilan tarjima qilinib ingliz tilida chop etildi va butun dunyo matematiklari mulkiga aylandi.

Yarim maydonlar tuzilishi va xossalarini o‘rganib T.A.Sarimsoqov, bu sohaning umumiy topologiyaga, funksional analizga va ehtimollar nazariyasiga tatbiqi yuzasidan katta ilmiy tadqiqot ishlari dasturi asosida atrofiga o‘z shogirdlari va boshqa olimlar hamda talantli yoshlarni to‘plab, ularga rahnamolik qildi. Olimning ehtimollar nazariyasini o‘rganishda qo‘llagan algebraik yondashuv g‘oyasi o‘zining keyingi tadqiqotlarida va shogirdlarining ishlarida keng rivoj topdi. Bu esa nokommutativ(kvant) ehtimollar nazariyasining algebraik bayonini berishga imkon yaratdi.

Hozirgi kunda olimning Toshkent funksional analiz ilmiy maktabining davomchilari tomonidan operatorlar algebralari nazariyasi va uning matematik fizikaga tadbiqlari, kvadratik operatorlar nazariyasi kabi yangi-yangi yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Bu yo‘nalishlar bo‘yicha erishilgan ilmiy-amaliy natijalar va yutuqlari uchun T.A.Sarimsoqov ilmiy maktabining yirik vakillari, akademiklar J.X.Xojiyev, Sh.A.Ayupov va boshqalar bir necha bor Respublikamiz mukofotlariga sazovor bo‘lishdilar.

Ko‘plab xalqaro ilmiy anjumanlar, konferensiyalar va kongresslar Toshkent funksional analiz ilmiy maktabi tashabbusi va tashkilotchiligi ostida o‘tkazilgan. Masalan, “Noassotsiativ algebra va uning tatbiqlari” Novosibirsk (1988 y.), Toshkent (1990 y.), Ispaniya (1993, 2006 yy.), “O‘zbek-Fransuz matematiklari uchrashuvlari” (Fransiya, 1995 y.), Toshkent (1997 y.), “Operatorlar algebralari va kvant ehtimollar nazariyasi” (Toshkent, 2005 y.), “Algebra, analiz va kvant ehtimollar nazariyasi” (Toshkent, 2015 y.) xalqaro konferensiyalari shular jumlasiga kiradi.

1964 yilda O‘zbekiston Milliy universitetining matematika fakultetida ochilgan “Funksional analiz” kafedrasi hozirgacha ham Toshkent funksional analiz ilmiy maktabining tayanch markazi bo‘lib kelmoqda. Uning qoshida qariyib 50 yildan beri uzluksiz davom etib kelayotgan, har hafta payshanba kuni soat 10:30 da boshlanadigan an’anaviy “Funksional analiz va uning tadbiqlari” seminar mashg‘ulotlari akademik T.A.Sarimsoqov ilmiy maktabining jonli harakat yuragi hisoblanishi bilan birga, bu maktab oliy darajadagi intellektual matematik bilimlar maskaniga aylanganidan dalolat berib turibdi.

Bu seminar yig‘ilishlarida mazkur ilmiy maktabning yutuqlari, vazifalari va unda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarning natijalari, ularning jahon miqyosidagi matematik tadqiqotlar orasida tutgan o‘rni va saviyasi aniqlanadi. Shu bilan birga, o‘rganilishi zarur bo‘lgan yangi masalalar belgilanadi, nomzodlik va doktorlik disssertatsiyalari uchun mavzular tanlanib, yosh iqtidorli shogirdlar ilmiy maktabga jalb etiladi. Bu seminarning ilmiy maktab rivojlanishiga qo‘shgan va qo‘shayotgan xissalari behad katta ekanligi shundaki, unda har bir olim, ustoz va shogirdlar o‘zlari qo‘lga kiritgan yangiliklarini o‘rtaga tashlab o‘zaro o‘rtoqlashib, bamaslahat rejalar tuzib ish yuritadilar.

Bu an’anaviy seminarda ma’ruza qilish ham sharafli ham ma’suliyatli hisoblanadi. Unda dunyo matematika fanining yetuk olimlari ham o‘z chiqishlari bilan qatnashib turadi. Masalan, bu dargohda akademiklar P.S.Aleksandrov va S.L.Sobolev (Rossiya), Xyuitt (AQSh), Yokkum (Fransiya), Shtyormerlarning (Norvegiya) ma’ruzalari tinglanib, ular bilan munozaralar bo‘lgani ma’lum.


Funksional analiz ilmiy maktabi faollaridan bir guruhi: o‘tirganlar (chapdan o‘ngga) M.A.Berdiqulov, Sh.A.Ayupov, V.I.Chilin, turganlar (chapdan o‘ngga) K.K.Kudaybergenov, K.A.Kurganov, A.Karimov, I.G‘.G‘aniyev, Yu.X.Eshqobilov, R.B.Beshimov, O.I.Egamberdiyev, R.A.Dadaxo‘jayev

Akademik T.A.Sarimsoqov ilmiy maktabi xorijiy davlatlarda ham tan olingani shundaki, ular o‘zlarida o‘tkazilayotgan ilmiy anjuman, konferensiya va kongresslarga bu maktabning vakillarini ham albatta taklif etib turadilar. Jahon matematikasi shu darajada rivojlanib ketganki, undagi yangilik va o‘zgarishlardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lib turishning o‘zi oson emas. Shu sababli, Toshkent funksional analiz ilmiy maktabi faollari yana bir seminarni 1980 yilda O‘zR FA Matematika institutida “Operatorlar algebralari nazariyasi va uning tatbiqlari” degan yo‘nalishda tashkil etgandir. Bu seminar har hafta dushanba kuni soat 14:00 da o‘z mashg‘ulotlarini olib boradi. Unda nafaqat Respublikamizning, balki boshqa xorijiy mamlakat olimlari ham ishtirok etib kelmoqdalar.

Toshkent funksional analiz ilmiy maktabida tarbiya topgan olimlarning ko‘pchiligi xorijiy ilmiy maktab va markazlar masalan, Germaniyaning Bonn, Avstraliyaning Flinders (Adelaida), Amerikaning Fargo, Sen Djons, Kornel va Pensilvaniya, Turkiyaning Trabzon, Fransiyaning Yuqori Elzas va Strasburg, Ispaniyaning Sevilya va Valensiya, Angliyaning Kembrij, Italiyaning Rim va Triest universitetlari hamda Rossiya va Ukrainaning barcha ilmiy matematika markazlari bilan doimiy ijodiy aloqada bo‘lib kelmoqdalar.

Ma’lumki, hozirgi zamon dunyo algebrasi “dastlabki turtkini” Muhammad ibn Muso al-Xorazmiyning “Aljabr va al-muqobala” asaridan olgan. Allomaning bu asariga G‘arbda hamisha katta ilmiy qiziqish bo‘lgan. Nafaqat G‘arb balki, butun dunyodagi hozirgi zamon matematika fanining yangi-yangi sohalari rivojlanishiga al-Xorazmiy asarlari o‘z-o‘zidan asos bo‘lgani ma’lum. Mashhur italyan matematigi Kardanoning 1545 yilda chop etilgan “Buyuk san’at” nomli risolasi “Algebra deb ataluvchi bu san’at Muso o‘g‘li Muhammaddan boshlangan” degan so‘zlar bilan boshlanadi.

1998 yili Gollandiyaning nufuzli nashriyoti “Klyuver” Toshmuhammad Aliyevichning shogirdi va “nevara” shogirdlari akademik Sh.Ayupov, fan doktorlari A.Raximov va Sh.Usmonovlarning operatorlar algebrasiga oid yirik monografiyasi “Jordan, Real and Lie Structures in Operator Algebras” degan nom bilan ingliz tilida ko‘p ming nusxada chop etdi. Bu kitobning dastlabki sahifasida esa, yirik harflar bilan “Bu kitob O‘zbekistonlik olimlar tomonidan yozilgan” degan jumla bitilgan. Shuning bilan, bu asar ulug‘ inson va ustoz akademik Toshmuhammad Aliyevich Sarimsoqovning yorqin xotirasiga bag‘ishlangan. Bu esa, olimning ilmiy maktabi hamda shogirdlari dunyo miqyosida e’tirof etilib kelinayotganligidan ibratli bir namunadir.

T.A.Sarimsoqovning ilmiy maktabidan ko‘plab yirik, dunyo tanigan olimlar yetishib chiqqan bo‘lib, ular nafaqat O‘zbekiston, balki dunyo matematika fani taraqqiyotiga hamda yuqori darajadagi ilmiy va oliy malakali matematik kadrlar tayyorlashga o‘z xissalarini qo‘shib kelmoqdalar. Bular akademiklar Sh.A.Ayupov, J.X.Xojiyev, professorlar M.Ya.Antonovskiy, Yo.H.Qo‘chqorov, V.I.Chilin, R.N.G‘anixo‘jayev, N.N.G‘anixo‘jayev, A.A.Raximov, Sh.M.Usmonov, R.Z.Abdullayev, I.G‘.G‘aniyev, U.A.Roziqov, F.M.Muxamedov, D.K.Musayev, B.A.Omirov va boshqalardan iboratdir.

Respublikamizning qaysi oliy o‘quv yurtiga bormang, u yerdagi matematiklar orasida Toshkent funksional analiz ilmiy maktabida tajriba orttirgan yoki ilmiy ish olib borgan, ilmiy ish olib borayotgan professor, dotsent va o‘qituvchilarni albatta topasiz. Ular o‘zlari tarbiya topgan Toshkent funksional analiz ilmiy maktabi bilan doimiy aloqada samarali mehnat qilib kelmoqdalar. Akademik T.A.Sarimsoqovning Toshkent funksional analiz ilmiy maktabi olimlari o‘z ilmiy yo‘nalishlaridan tashqari, matematikaning boshqa sohalari vakillarining ishlari bilan ham dunyo miqyosida, doimiy ravishda tanishib boradilar.

1995 yildan bu ilmiy maktabga T.A.Sarimsoqovning shogirdi dunyo tan olgan akademik olim Ayupov Shavkat Abdullayevich rahbarlik qilib kelmoqda. U 1952 yili Toshkent shahrida, ziyoli oilasida tug‘ilgan. 1974 yili O‘zMUni tugatib aspiranturaga kirgan. T.A.Sarimsoqovning rahbarligida 1977 yili nomzodlik, 1983 yili doktorlik dissertatsiyalarini yoqlagan. 1989 yili O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi muxbir-a’zosi, 1995 yildan haqiqiy a’zosi, 200 dan ortiq ilmiy maqolalar, 4 ta monografiya muallifi. 5 ta fan doktori va 30 dan ortiq fan nomzodlarini tayyorlagan. Ilm va fanga qo‘shgan xissalari uchun Respublikamizning bir qator mukofotlari bilan taqdirlangan. 1986 yili shogirdlari bilan Butunittifoq Yoshlar mukofotiga sazovor bo‘lgan. 2003 yilda O‘zbekiston olimlari ichida birinchi bo‘lib Sh.A.Ayupov Dunyo Fanlar Akademiyasi (TWAS) ga haqiqiy a’zo etib saylandi.